Oq libosinga munosib bo’l, kelinchak!

1 Yomon2 Qoniqarli3 Yaxshi4 Zo'r5 Qiziqarli va Foydali (Hozircha baholanmadi)
Загрузка...

Oq libos

Saytimiz “Qizlar Uz” orqali yo’llangan murojaat jamoamizning har bir a’zosini o’yga toldirdi. Yosh qizning yaqinda fotihasi bo’lgani, ammo unashtirilgan yigiti bilan nikohlanmay turib, yaqin munosabatga kirishgani, iffatidan ayrilib, endi nima qilarini bilmayotgani haqida yozilgan maktub bizni aynan shu mavzuda mulohaza yuritishga undadi. Zero, yana kimdir, bilmay tikanni bosib, jabrini bir umr tortmasin.

Mavzu yuzasidan turli soha mutaxassislarini suhbatga chorladik.

“Onalar, qizlaringizni asrang!”.

Feruza AKROMOVA, ruhshunos: — Inson hayotida turli vaziyatlar yuz beradi. Ba’zida yoshligiga borib, qizlar butun umr afsuslanishga majbur qiluvchi mash’um xatoga yo’l qo’yishadi. Bu turmushimizda uchrayotgan hodisa. Ko’z yumganimiz, xaspo’shlaganimiz sari chuqur tomir ortib ketishi mumkin. Qiz o’stirayotgan onalar yodingizda saqlang: qiz bola qulog’i bilan sevadi! Uning aldanib qolishiyu nobop yo’llarga kirib ketishiga yigitning “oyni olib beraman” degan va’dalari, shirin so’zlari sabab bo’ladi. Shuning uchun ularni yoshligidan qulog’iga qo’rg’oshindek quyingki, kelgusida yuzingiz yorug’ bo’lishi uchun o’zini, ko’zini yomonlardan asrasin. Quruq gap bilan ish bitiraman deb, xomtama bo’lmang. Qizingiz balog’atga yetganidan boshlab asta-sekinlik bilan jinsiy tarbiyani yo’lga qo’ying. Ikkingizning o’rtangizda ishonchli munosabatlar shakllansin. Qabulimga shu muammo bilan kelgan qizlardan so’rab-surishtirish jarayonida ona qiziga jinsiy tarbiya, odob haqida tushuncha bermagani, g’o’r bola esa dugonalaridan, ba’zida esa do’stlaridan eshitib, nikohdan avval yaqinlikni boshlagani ma’lum bo’ladi. Ziyrak onalar balog’atga yetgan qizlarining o’zgarib qolgani, ichimdagini top yoki shaddod bo’lib qolishganida darrov xulosa chiqarib, zudlik bilan chora ko’ra boshlaydilar. Yana ayrimlar “egasini topdim-ku, hammaga ma’lum bo’ldi, zimmamdagi vazifani bajardim” deb, turmush ostonasida turgan nav-niholni nazoratsiz qoldirishadi. Yoki to’yning kamu ko’stini to’ldiraman, deya bo’lajak kelin tizginini o’ziga topshirib qo’yishadi. Bu esa o’zingiz guvohi bo’lganingizdek, yomon oqibatlarga olib kelishi, boshingiz egilishiga sabab bo’lishi mumkin.

Zino hayotni yemiradi.

Yulduz KOMILOVA, Movarounnahr nashriyoti xodimi, islomshunos: — Nomus deganda faqat bokiralik pardasini tushunsak, kaltabinlik bo’lardi. Aslida bari ko’zdan, nazarni shahvoniy narsalardan tiymaslikdan boshlanadi. Avvaliga oddiy ko’ringan ko’z zinosi, oxir-oqibat qalbning bulg’alanishiga, bu esa o’z navbatida tana zinosiga olib keladi. Qur’oni Karimda Alloh taolo musulmonlarga xitob qilib: “Zinoga yaqinlashmanglar, albatta, u fohisha ish va yomon yo’ldir”, degan (Isro, 32). Chunki ular zino naslu nasabning buzilishiga, oilalarning parchalanishiga, insoniy munosabatlarning yomonlashuviga, turli kasalliklarning tarqalishiga va boshqa baloyu-ofatlarga sabab bo’ladi. Payg’ambarimiz Muhammad mustafo (s.a.v): “Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasallikka mubtalo qiladi”, deganlar. Bugungi kunda dunyo bo’ylab OITS va narkomaniya kabi xastaliklarning tarqalishi ham hadisi sharifning hayotimizda o’z isbotini topayotganidan emasmi?

“Chin muhabbat nafsdan ustun bo’ladi”.

Feruza AKROMOVA: — Yoshlar chin muhabbat va ehtirosning farqiga borishni o’rganishlari lozim. Shunda aldanib, nafs domiga tushishdan o’zlarini asragan bo’ladilar. Yorini chindan sevgan yigit uni o’zi uchun, kelajakda tug’ilajak farzandlari uchun gard yuqtirmay asraydi. O’z nafsining quli bo’lgan ojiz banda esa xirsini baridan ustun qo’yib, qizdan jinsiy aloqani talab qiladi. Agarki, yoningizdagi inson sizga behayo taklif bildirayotgan ekan, darrov xushyor torting. Bu muhabbat emas, shaytoniy nafsning chorlovidir. Unga uchsangiz, hayotingizni alg’ov-dalg’ov qilib yuboruvchi katta xatoga yo’l qo’ygan bo’lasiz.

Qadriyatlarni qadrlash lozim.

Dilmurod IRGASHEV, seksopatolog: — Kelin yangi xonadonga kirib kelar ekan, egnidagi oppoq libos uning bokiraligidan, iffatidan dalolat berib turadi. Bu millatimizning qadriyatlaridan sanaladi. Urf-odatlar asosida esa asriy tajriba va bilim yotadi. Ularga amal qilmaslik, oyog’osti qilish millatning tanazzuliga sabab bo’lishi mumkin. Bunga Yevropa va boshqa chet davlatlari misolida guvoh bo’lishingiz mumkin. U yerlarda “erkin jinsiy munosabatlar” shu darajada avj oldiki, hatto, bolani dunyoga keltirgan ona farzandining asl otasi kim ekanligini ham bilmaydi. Bunday palapartish jinsiy munosabatlar oxir oqibat foxishabozlikka olib kelishini har bir ongli mavjudot tushunishi va undan qochishi lozim. Buni ko’p bora ta’kidlaganman va qaytarishdan charchamayman: “Erkak kishi tabiatan ovchi bo’ladi, u o’z o’ljasiga mashaqqat bilan erishmas ekan, o’lja uning ko’z o’ngida qadrini yo’qotadi. Qizlar esa o’z navbatida uning oldiga tashlanadigan luqma emas, mashaqqat bilan erishiladigan marra bo’lishi lozim. Tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, benikoh yaqinlikdan so’ng barpo bo’lgan oilalarda kelinga ikki hissa qiyinroq bo’ladi. Chunki yigit bir kun kelib, bo’lgan voqeani eslatib, malomat qilishi mumkin. Bundan tashqari, o’zaro ishonchning so’nishi janjal va kelishmovchiliklar zo’rayishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun boshiga tashvish orttirishni istamagan oqila qiz har qanday vaziyatda ham nomusini asrashi, oniy ehtirosga aldanib qolmasligi lozim.

Kelinchak qiz

Ayb sendami, ayb mendami endi yor?.

Dilmurod Irgashev: Avvalam bor, bokira qizga uylanish kuyovbolaning ota-onasi, jigarlari oldidagi obro’si, yuzidir. Bo’lib o’tgan noxush voqea esa taraflarning aybi, kamchiligidan dalolat qiladi. Ammo erkakning fiziologik o’ziga xosliklarini inobatga olib, bunday vaziyatda ko’p narsa ayolga bog’liq ekanligini ta’kidlab o’tish joiz. U xarom aloqaga rozi bo’lmasa, yorini hurmat qilgan har qanday yigit zinhor qizga qo’l tegizolmaydi, o’zini qo’lga ola biladi. Vaziyatni chigallashtirmaslik uchun esa yoshlarga yolg’iz qolmaslikni, odamlar gavjum joylarda ko’rishishlarini tavsiya qilgan bo’lardim. Axir payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v) bejizga: “Kimning Allohga va qiyomat kuniga iymoni bo’lsa, nomahram ayol bilan xoli qolmasin, uchinchilari shayton bo’ladi”, deganlar.

“Zinodan saqlanish har bir mo’min va mo’minaning vazifasi”.

Yulduz KOMILOVA: — Ba’zi yoshlar “Fotihamiz bo’ldi, endi turmush qurishimiz tayin” degan kalta o’y bilan “asal oyini” boshlab yuborishadi. Yigit va qizning roziligi bilan kechsa ham, Alloh va bandalari oldida, guvohlar huzurida munosabatlarini halollab olmaganlari tufayli, bunday yaqilik zino hisoblanadi. Shunday munosabatlar asnosida paydo bo’lgan farzand muhabbatning emas, zinoning mevasi sifatida qabul qilinadi. Katta gunohlar sirasiga kuruvchi zinodan tiyilish har bir mo’min va mo’minaning vazifasidir. Muqaddas dinimizda undan saqlanishning yo’l- yo’riqlari aniq ko’rsatib qo’yilgan. Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Uylanishga qodir bo’lmagan kishi ro’za tutsin. Chunki ro’za shahvatni kesuvchidir”, dedilar (Imom Buxoriy).

Oraga sichqon tushdi guldir-gup.

Feruza AKROMOVA: — Endi, savol yo’llagan mushtariyga aytar gapim, bo’lar ish bo’lib o’tgan ekan, avvalroq o’ylash kerak, edi deb maslahat berishdan foyda yo’qligini tushunib turibmiz. Hayot esa o’z holicha davom etaveradi. Bundan buyon bo’lajak eringizning og’zini poylab yashashga majbursiz. “Jahl ustida yuzimga solmasmikan, atrofdagilarga aytib qo’ymasmikan deb” yurak xovuchlab turasiz. Agar qaynota-qaynonangiz xabar topgudek bo’lsa, hatto pishirgan ovqatingizni og’ziga olmasligiga ham tayyor turishingiz, o’zingizni ko’ngilxiraliklarga ruhan tayyorlab borishingiz lozim. Bo’lajak kuyov bilan ahdlashib, bu voqeani boshqa eslamaslikka, kelgusida hayotingiz halol va pok munosabatlar poydevoriga qurishiga kelishib oling. O’ylaymanki, sizning hayotingiz boshqa qizlarga dars bo’ladi.

Kamola tayyorladi.

Загрузка...

Читайте также

kelinsalom8259295250010

Kelin Salom uchun eng zo’r liboslar to’plami.

Bizning o’zbek xalqining yana bir go’zal urf-odatlaridan biri to’ydan keyingi kelin salom hisoblanadi. Yangi kelinchaklarimiz ...

Оставить комментарий

Ваш email не будет опубликован.

Вы можете использовать это HTMLтеги и атрибуты: <a href="" title=""> <abbr title=""> <acronym title=""> <b> <blockquote cite=""> <cite> <code> <del datetime=""> <em> <i> <q cite=""> <strike> <strong>